AKT sohasidagi samarali hamkorlik

Mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotining turli jabhalarini axborotlashtirish jarayonida rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, ular bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida samarali hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yuqori texnologiyalar sohasidagi yetakchi davlatlardan biri bo‘lgan Koreya Respublikasi axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishda mamlakatimizning ishonchli hamkoriga aylandi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida yuqori texnologiyalar sohasidagi qo‘shma loyihalar istiqbollari O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan idoralari tomonidan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumlarida belgilangan. Ushbu hujjatlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda Koreya Respublikasi Fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kelajakni rejalashtirish vazirligi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning mart-aprel oylarida mamlakatimiz mutaxassislari mazkur kelishuvlar doirasida Koreya Respublikasida axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘z malakasini oshirdi.

– Malaka oshirish jarayoni samarali bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazining xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Po‘lat Davronov. – Ma’ruzalarda qatnashishdan tashqari ushbu mamlakatning qator idoralari faoliyati bilan tanishib, ularning ish tajribasini o‘rgandik, o‘zaro fikr almashdik. Bu yerda olgan bilimimiz markazni yanada rivojlantirishga yordam bermoqda.

Janubiy koreyalik mutaxassislar “Elektron hukumat”ni joriy etish masalasida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasiga texnik jihatdan ko‘maklashmoqda. 2012-yilning oktabrida axborotlashtirish sohasida O‘zbekiston-Janubiy Koreya kengashi o‘z faoliyatini boshladi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘qituvchilari uchun elektron hukumat loyihalarini boshqarish bo‘yicha hamkorlikda o‘quv kurslari tashkil etildi. Buning samarasida 2013-yilning dekabr oyida mazkur universitetning besh nafar o‘qituvchisi Janubiy Koreyadagi Axborot jamiyati Milliy agentligida malaka oshirib qaytdi.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi Axborot jamiyati milliy agentligi hamda Koreya davlat boshqaruvi instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Ayni paytda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markaziga ma’muriy kodlarni standartlash sohasida maslahat faoliyatini amalga oshirish uchun Janubiy Koreya axborot jamiyatini rivojlantirish institutidan ekspert-maslahatchini jalb qilish masalasi o‘rganilmoqda.

Dasturiy mahsulotlar yaratish va ishlab chiqish sohasida ham hamkorlik izchil rivojlanayotir. 2012-yilning sentabr oyida Koreya Respublikasi Axborot texnologiyalarini rivojlantirish milliy agentligi bilan dasturiy mahsulotlar yaratish va ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga doir o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ayni paytda Janubiy Koreyaning “LG CNS” kompaniyasi ishchi guruhi bilan birgalikda hamkorlik shakllari ishlab chiqilmoqda, qo‘shma korxonani tashkil etish va uning istiqboldagi faoliyati tahlil etilmoqda.

Yuqori texnologiyalar sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash O‘zbekiston-Janubiy Koreya hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi O‘zbekiston-Janubiy Koreya axborot texnologiyalari markazi ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida ham hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungi kunda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Koreyaning Ilm-fan va texnologiyalar yetakchi instituti, Inxa universiteti, Seul Ilm-fan va texnologiyalar milliy universiteti kabi o‘nlab oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilmoqda. Koreyalik mutaxassislar ko‘magida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining tashkiliy tuzilmasi, o‘quv dasturi va mutaxassislik yo‘nalishlari to‘liq qayta ko‘rib chiqildi.

2013-yilning dekabr oyida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Koreyaning uch universiteti (Seul Ilm-fan va texnologiyalar milliy universiteti, Yongnam universiteti, Kyong-Xi universiteti) o‘rtasida ta’lim va akademik almashish, jumladan, o‘qituvchilar malakasini oshirish, magistrant va doktorantlar, o‘quv materiallari va ilmiy nashrlar bilan almashish, hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazish, konferensiya va seminarlar, shuningdek, boshqa tadbirlar tashkil etishni nazarda tutadigan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolangan edi.

Prezidentimizning 2014-yil 24-martda qabul qilingan “Toshkent shahrida Inxa universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent shahrida Inxa universiteti filialining tashkil etilishi mutaxassislar tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning mantiqiy davomi bo‘ldi. Joriy yilning 1-oktabridan ushbu yangi oliy o‘quv yurtida komputer injiniringi, dasturiy injiniring va komputer tarmoqlari injiniringi yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining axborot-kommunikatsiya sohasidagi hamkorligi bo‘yicha erishilgan natijalar e’tiborga loyiqdir. Ikki mamlakatning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi mavjud ulkan salohiyati yuqori texnologiyalar sohasida o‘zaro hamkorlikni sezilarli ravishda kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qiladi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *